Kim qarzdor?

Aholini elektr va gaz bilan ta'minlash davlatga tegishli tashkilotlar orqali amalga oshiriladi. Ularni tashqariga sotiladigan narxlardan ancha past narxda aholiga berilishi ham sir emas. Lekin bu hukumatning xalq uchun qilayotgani yaxshiligi emas, bu oddiy adolat. Chunki tabiiy resurslar xalqqa tegishli, hukumat uni xalq nomidan tasarruf etadi xolos. Tabiiy resurslarni qazib olish, qayta ishlash va iste'molchilarga yetkazish xarajatlari birgalikda hozirgi narxlarni tashkil etgan bo'lsa kerak degan fikrdaman.

Endi viloyatlardagi elektr va gaz ta'minotidagi kamchiliklar haqida fikrlashsak. Oldinlari bu muammo mavsumiy bo'lib, asosan, qish faslida avj nuqtasiga chiqardi. Hozirda esa bu muammo surunkali tus oldi.  Yilning 4 faslida ham ta'minotdagi katta uzilishlar aholining haqli noroziligiga sabab bo'lmoqda.

Bu muammoning asosiy sababi resurslarning yetishmasligimi, uzatish tizimidagi texnikaviy muammolarmi yoki oddiygina aholining ishlatilgan energiya va gaz uchun haqni to'la to'lamasligidami? Menimcha, yuqorida aytgan hamma sabablardan oz-oz bordek. Vodiy viloyatlarini energiya bilan ta'minlashda, asosan, import qilinadigan energiyadan foydalanilsa, gaz ta'minotida ham trubalar qo'shni mamlakat hududidan o'tishining ta'siri bor. Gaz ta'minotidagi muammolarning kuchayishi O'zbekistonning Xitoyga gaz eksportini boshlagan paytlarga to'g'ri kelishi odamlarda turli fikrlarni keltirib chiqaryapti. Demoqchi bo'lganimiz, hamma tabiiy resurslarimiz ham o'zimizni ta'minlashga yetib ortadi deyolmaymiz. Bunga tabiiy resurslarning geografik jihatdan nomutanosib joylashgani ham sabab.

Endi elektr va gaz resurslarini uzatish otam zamonidan qolgan texnik ta'minot amalga oshirilishi haqida to'xtalsak. Tabiiy resurslarimizni qazib olish va qayta ishlash bo'yicha bu muammo bor deb aytolmaymiz. Chet el investitsiyalari bu sohaga yaxshigina jalb qilindi va ijobiy effekti yaqqol namoyon bo'lyapti. Gaz uzatish tizimida tashqi ob-havoga o'ta ta'sirchan bo'lgan necha o'n yillik trublarimizni almashtirish paytlari allaqachon kelgan. Men birinchi navbatda elektr uzatish va tarqatish tizimini tubdan yangilash kerak deb hisoblayman. Xalq tilida "postansiya" deb ataladigan elektr taqsimlagichlarning energiya yo'qotish darajasi 70% gacha borishi yo'lda yo'qotilayotgan energiyaning qanchaligini ko'rsatib turibdi. Elektr uzatish simlarining yoshi uncha-muncha o'quvhilardan katta desak ham adashmagan bo'lamiz. Oddiy hisob-kitob qilganingizda ham tumanga kirib kelayotgan 100 kilovatt energiya oddiy iste'molchiga yetib borguncha 40-50 kilovattga tushib qoladi deb optimistlik qilganimizda ham, davlatning rasmiy qog'ozida energiya yo'qotilishi bu foizda belgilanmaydi. Oradagi farqni esa tuman elektr korxonasi qanday qoplaydi degan savol bor. Aholi ishlatgan energiyasi uchun 100 foiz to'lagan taqdirda ham tuman viloyatdan qarz bo'lib turaveradi.

Hozirda esa aholining ziyoli qatlami  va nafaqaxo'rlar bu muammoni kuchayib ketishiga ixtiyoriy-majburiy tarzda yo'l qo'ymay turibdi. O'zingiz bilganingizdek, har oyda bu "byudjetniklar" gaz va elektr uchun ishlatganidan qat'iy nazar ma'lum miqdorda pul to'lashga ixtiyoriy rozi qildirilganlar. Shuning hisobidan yoqqan elektr energiyasi va gazi uchun pul to'lashni "zapodlo" deb biladigan yangi boylarning qarzlari uncha-muncha yopilib turibdi. Bu boylarga nisbatan davlatning gaz va elektr korxonalari effektiv kurasha olmayapti.

Endi bu muammolarga yechimni qayerdan izlaymiz degan savolga qanday javob beramiz? Fikri ojizimcha, hukumat elektr tarqatish tizimiga katta investitsiya kiritishi kerak. Almisoqda qolgan "postansiya"larimizni zamonaviy, tejamkorlariga almashtirish kerak. Undan keyin hozirda shaharlarda amaliyotda sinab ko'rilayotgan elektr hisoblagichlarni o'rnatish tizimini ommalashtirish kerak. Bu tizimning asosiy xususiyati shundaki, har bir iste'molchiga o'rnatilgan hisoblagichlardan tashqari, har bir mahallaga ham alohida umumiy hisoblagich o'rnatiladiki, asosiy hisoblagichdan o'tgan energiya bilan iste'molchilar hisoblagichlaridan o'tgan energiyada farq chiqsa, mahalla o'zi kelishib to'laydi. Yoki ma'lum muddat tekshiruvdan keyin bu farq hisoblanib mahalla iste'molchilari uchun qanaqadir koeffitsiyent belgilanadi. Shunda ayrim "ishbilarmon", aslida o'g'ri iste'molchilar mahallaning o'zigagina zarar yetkaza oladi va bu ko'pga cho'zilmasdan qo'ni-qo'shnilar tomonidan tartibga chaqiriladi.

Tushunaman, bu judayam katta investitsiya talab qiladi, lekin hukumatimiz uchun bu fantastik summa emas. Xohish va qat'iyat bo'lsa bas. Katta siyosat (qo'shni mamlakatlar bilan ikki tomonlama foydali bitimlar tuzish) bilan hal qilinadigan yo'llar haqida gapirishga ojizman. Bu islohotlar amalga oshirguncha nima qilish kerak degan savolga esa, odamlar haq-huquqini yaxshiroq tanisinlar, asossiz talab qilinadigan majburiyatlarni qabul qilishmasin, og'zi qiyshiq boylarning gapi o'tmasligi uchun befarq bo'lishmasin. Hukumatning bu boradagi qanday kichik islohotlar o'tkazishini esa bilmayman to'g'risi.

Hozircha shu. Yana bu borada qo'shimcha fikrlar paydo bo'lsa davomlarman.

Комментарии

Популярные сообщения из этого блога

Antiqa ko'rsatuv

Siyosiy gazetalar haqida

Ўқувчиларни математика фанига қизиқтиришнинг яна бир усули ҳақида